Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi

Nurobod tuman hokimligida Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Nurobod tuman bo‘limi boshlig‘i X.Jo‘raboyev va mas’ullar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi 2022-yil 13-oktyabrdagi 592-sonli qaror ijrosi yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Pensiya jamg‘armasida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish, fuqarolar vaqtlarini tejash, ortiqcha ovoragarchiliklarni oldini olish, pensiya va nafaqa oluvchilar uchun turli qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida 2022-yil 13-oktyabrdagi 592-sonli qaror qabul qilingan.

Endilikda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

Bundan tashqari, Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.

Kiritilgan bu kabi o‘zgarishlar aholi hamda keksa yoshdagi fuqarolarning mushkulini oson qilishda, mavjud muammolarini tezkorlik bilan bartaraf etishga xizmat qilishi, shubhasiz.

2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra Nurobod tuman byudjetdan tashqari Pensiya jamgarmasi bo‘limida  jami 17 918 ta pensiya va nafaqa oluvchilar mavjud. Shundan yoshga doir 12 109 ta, nogironlik 3812 ta, boquvchisini yo‘qotganlik nafaqalari 1996 tani tashkil etadi.

Oyning 5-sanasiga qadar pensiya oluvchilarning plastik kartalariga moliyalashtirilishi, naqd shaklda pensiya oluvchilarning mablag‘lari sayyor kassalar tomonidan har oyning 4-27 sanalarida mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY)ga borgan holda to‘lab berilishi belgilangan.

Anjuman yakunida qatnashchilarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan huquqiy tushuntirish va maslahatlar berildi.
 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM