Umumxalq xayriya hashariga munosib hissamizni qo‘shaylik

Hurmatli tumanimiz fuqarolari!

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri farmoyishiga ko‘ra, Respublikada “Navro‘z” umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish maqsadida 2024-yil 16-18 mart kunlari  umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi.

Bu yilgi xalq hasharlari  “Obod va fayzli mahalla - yurt ko‘rki” shiori ostida tashkil etilmoqda.

Umumxalq xayriya hashari doirasida aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, masjidlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish tadbirlarini keng ko‘lamda davom ettirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish maqsad qilingan.

Aziz Nurobodliklar!

Sizlarni muborak Ramazon oyida tashkil etilayotgan 3 kunlik umumxalq xayriya hasharlarida faol ishtirok etishga, jumladan, o‘zingiz yashab kelayotgan xonadon va xizmat faoliyatingizni yuritayotgan  ishxona hududidagi obodonlashtirish ishlariga befarq bo‘lmasdan gul va daraxt ko‘chatlarini o‘tqizish, daraxtlarning tagini yumshatib, oqlash ishlarida, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlari, ayniqsa, ehtiyojmand, mehr-muruvvatga muhtoj, boquvchisiz qolgan keksa va nogironligi boʻlgan fuqarolarning uy-joy sharoitlarini yaxshilashga koʻmaklashish kabi ezgu, savobli ishlarga munosib hissa qo‘shishga chaqirib qolamiz!

Zero obodlik avvalo oiladan, mahalladan boshlanadi!

Nurobod tumani hokimligi, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik vakillari

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM