Nurobod tumani sport maktabiga press-tur uyushtirildi

Bugun Nurobod tumani sport maktabi hududiga ommaviy axborot vositalari xodimlari va faollar ishtirokida press-tur o‘tkazildi.

Ushbu press-tur Nurobod tumanida bolalar va o`smirlarning jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratib berish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish maqsadida tashkil etildi.

Press-tur davomida sport maktabi faoliyati, zaruriy sport anjomlari bilan ta’minlanganlik masalasi, faoliyat yuritayotgan sport to‘garaklariga bolalar va o‘smirlarning qamrab olinganlik darajasi ko‘zdan kechirildi.

Nurobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari S.Xujamiyarov va Nurobod tumani sport maktabi direktori X.Xudoyorov tomonidan  bolalar, o‘smirlar va yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishlarini ta’minlash maqsadida qilingan ishlar va yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. 

Tuman hokimligi tashabbusi bilan aholi o‘rtasida turli sport musobaqalari o‘tkazib kelinmoqda. Jumladan, basketbol, voleybol, velosport, gandbol, yengil atletika, stol tennis, futbol va mini futbol, kurash, boks, armrestling, badiiy gimnastika, shaxmat, shashka, “Otam-onam va men” oilaviy sport musobaqalari,  “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida hamda 5 tashabbus olimpiadasi dasturi doirasida 2024-yilning 3 oyi mobaynida 75 dan ziyod ommaviy sport tadbirlari tashkil etildi.

Qilinayotgan bu kabi ishlar samarasi o‘laroq, 2024-yilning o‘tgan 3 oyi mobaynida tumandagi sport maktabida shug‘ullanuvchi o‘quvchilar xalqaro sport musobaqalarida 2 ta bronza, Respublika sport  musobaqalarida esa jami 18 ta: 8 ta oltin, 7 ta kumush va 3 ta bronza medallarini sportning milliy kurash, voleybol, o‘zbek jang san’ati, taekvondo-ITF, armrestling, penchak-silat va boshqa turlaridan qo‘lga kiritishdi.

Press-tur yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan batafsil javoblar berildi.
 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM