Davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi

Davlatimiz rahbari sogʻliqni saqlash sohasidagi ustuvor yoʻnalishlarni belgilab berdi. Birlamchi, tibbiyot tizimini aholimiz talabiga moslashtirish ishlarini davom ettirish muhimligi qayd etildi. Tibbiyot brigadalarini shifokorlar bilan toʻliq toʻldirish, toʻliq stavkada ishlaydigan hamshiralarni koʻpaytirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Sohada kadrlar yetishmasligining sababi aslida tizim shaffof boʻlmagani oqibatida koʻplab mutaxassislar ishga kira olmayotgani ekani qayd etildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga sohadagi barcha vakansiyalarni onlayn platformaga joylashtirib, kadrlarni ishga olish boʻyicha shaffof tizim yaratish topshirildi.

Yangi oʻquv yilidan tibbiyot oliygohlari bitiruvchi kurs talabalari uchun koʻp tarmoqli shifoxonalarda ish haqi toʻlanadigan internatura yoʻlga qoʻyiladi.

Yigʻilishda kasalliklarni erta aniqlash, jumladan, kardiologiya, endokrinologiya va onkologiya skrininglarini tashkil etishda yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yili onkologiya kasalligi bilan roʻyxatga olingan bermorlarning qariyb yarmida kasallik kech aniqlangan.

Joylarda dispanser nazoratida turgan, surunkali kasalligi bor aholini sogʻlomlashtirish ishlari yetarli emas.

Umuman, viloyat va tuman tibbiyot idoralari profilaktika oʻrniga “odamlar qachon kasal boʻlsa, shunda davolaymiz” deb, haliyam eskicha fikrlab yurgani tanqid qilindi.

Endilikda xavf guruhiga kiruvchi aholini yurak qon-tomir, onkologiya va endokrin kasalliklari skriningidan oʻtkazish tizimi oʻzgartiriladi.

Xususan, skrining uchun bevosita respublika kardiologiya, endokrinologiya, onkologiya markazlari javob beradi. Ular bir haftada joylarda skrining tekshiruvlarini oʻtkazishni boshlaydi.

Shuningdek, onkologiya boʻyicha har bir erta aniqlangan holat uchun tibbiyot brigadalariga mukofot berish joriy qilinadi.

Bu tajriba 1-maydan Qashqadaryoda boshlanadi va kelgusi yildan boshqa hududlarda yoʻlga qoʻyiladi.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM