Janubiy Koreya bilan sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanadi

Oʻzbekiston elchisi Vitaliy Fen Koreya Respublikasidagi yetakchi tibbiy muassasalaridan biri — “New Daesung General Hospital” boshqaruv kengashi raisi Xon Sok Von bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi tibbiyot sohasida erishilgan kelishuvlar hamda amalga oshirilgan va oshirilayotgan yirik loyihalar muhokama etildi.

Jumladan, tomonlar “Bolalar milliy tibbiyot markazi”ni takomillashtirish, “Kattalar tibbiyot markazi” qurilishini tezlashtirish, Toshkent tibbiyot akademiyasi xodimlarini va talabalarini Janubiy Koreyaning tibbiyot klinikalariga taklif qilish orqali ularning malakasini oshirish, turli yoʻnalishlardagi almashinuv dasturlarini yoʻlga qoʻyish singari dolzarb masalalarga eʼtibor qaratdilar.

Janubiy Koreya tomoniga bugungi kunda Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, xususan poliklinika va shifoxonalarning zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlanganligi, mahalliy va qishloq joylarda tibbiy xizmatning yaxshilanganligi va shu kabi qator ishlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi va “New Daesung General Hospital” oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik aloqalarini yangi darajaga koʻtarish va bu yoʻnalishda tegishli hujjat loyihasini tayyorlash masalalari boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida elchixona va mazkur klinika oʻrtasida Janubiy Koreyada boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga imtiyozli tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha hamkorlik bitimi imzolandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM