Oʻzbek olimlari pomidordan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratdi

Oʻzbek olimlari tomonidan genetik vektorlar va pomidor oʻsimligi asosida koronavirus infeksiyasiga qarshi birinchi marta pomidor oʻsimligidan toʻgʻridan-toʻgʻri iste'mol qilinadigan yangi avlod COVID-19 vaksinasi yaratildi.

Olimlar tomonidan koronavirusning S1 antigen oqsilini kodlovchi gen fragmenti maxsus vektorlarga joylashtirilib, pomidor xujayrasi genomiga kiritildi. Bu xujayralardan S1 antigeni oqsilini muntazam ishlab chiqaruvchi pomidor oʻsimligi olindi.

Bunday oʻsimliklardan olingan pomidor mevasida 0.77 mkg/gr miqdorida turgʻun S1 antigen oqsili sintez boʻlishi koʻrsatib berildi va TOMAVAC vaksinasi sifatida tanlab olindi.

Yaratilgan TOMAVAC vaksinasi sinovlari sichqonlar va koʻngilli insonlar qon zardobida (IgG) va ichakda yuqori miqdorlarda neytrallovchi antitanachalar (IgA) hosil boʻlishini isbotladi.

Bunda tajriba sichqonlarida va koʻngillilarda salbiy nojoʻya taʼsirlar kuzatilmadi.

Ushbu tadqiqot TOMAVACni ikki bosqichli (ichak shilliq pardasi va qonda) himoyani taʼminlovchi xavfsiz vaksinaligini koʻrsatdi va u birinchi toʻgʻridan-toʻgʻri istyemol qilinadigan COVID-19 vatsinasi sifatida ilmiy hamjamiyatga taqdim etildi.

Muhimi, yaratilgan vektor tizimi va tajriba asosida, zarur hollarda, mamlakatimizda turli infeksiyalarga qarshi vaksinalarni qisqa muddatlarda yaratish va joriy etish imkoniyati va yangi avlod mutaxassislari shakllantirildi.

Vaksina ustidagi tadqiqotlar xorijning nufuzli “Frontiers in Nutritional Immunology” (IF=5.0) jurnalida nashr qilinib, sichqonlarda hamda koʻngilli insonlarda oʻtkazilgan birinchi faza immunogenlik va bioxavfsizlik sinovlari natijasi eʼlon qilindi.

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM