ELPARVARLIK

KO‘PCHILIK TADBIRKORLIKNI BOSHLAB OLISH UCHUN KATTAGINA MABLAGʻ TIKISH KERAK, DEB O‘YLAYDI. LEKIN NUROBODLIK ISHBILARMON, BIR NECHTA XUSUSIY KORXONALAR RAHBARI SIROJIDDIN QARSHIYEVNING BIZNES SOHASIDA BOSIB O‘TGAN YO‘LI BUTUNLAY BOSHQACHA XULOSALARGA TAYANADI.

Asli kasbi farmasevt bo‘lgan bu yigit istiqlolning ilk yillarida fermerlikka mehr qo‘ydi. Nafaqat o‘zi, balki butun oilasini mulkdor bo‘lishga chorladi. Ota-onasi hamda olti nafar ukasi bilan bir yoqadan bosh chiqarishga intildi. To‘g‘ri, boshida sal qiyin bo‘ldi, ayrim tashkiliy masalalarni yechish murakkablik tug‘dirdi. Negaki, ular ariqlarida suv sharqirab oqayotgan, bog‘-rog‘larida meva pishayotgan manzillarda emas, yalang cho‘ldagi Olg‘a qishlog‘ida yashardi. Biyday cho‘lning 10 gektarini obod qilib, ishlov berilgan maydonda dehqonchilikdan hosil olish oson kechmadi, albatta.

– Fermerlikka kirib kelgan damlarni eslasam, o‘zim ham ishongim kelmaydi shuncha jarayondan o‘tganimizga, – deydi “Espero. KSE” MCHJ va yana qator korxonalar rahbari Sirojiddin Qarshiyev. 

– Hamon esimda, 1994 yili bizga yer ajratishganda ota-onamning ko‘zlarida quvonch va g‘urur porlagandi. O‘yinqaroq ukalarim esa mening ortimdan chanqoqlik bilan ergashib, nima ish buyursam, yugurib-yelib bajarishi juda katta ruhiy quvvat bag‘ishlagandi. O‘sha yili yerga ishlov berish xarajatlari uchun ro‘zg‘ordagi

bor-budimizni sotganmiz. Faqat yotsa turolmaydigan qari biyamiz qolgandi, xolos. Otam bo‘shab qolgan og‘ilxonadan chiqib kelib, hammamizni yoniga yig‘di-da, “Bu yog‘i Xudoyimga tavakkal, ortga chekinmanglar, birlashib mehnatni qilaveringlar, mukofotini

ko‘rasizlar” dedi. Padari buzrukvorimning shu o‘giti nafaqat biznesda, hayotimizda ham dasturilamal bo‘ldi. Eng qizig‘i, o‘sha yili qattiq qurg‘oqchilik tufayli hosilga baraka kirmadi. Ko‘pchilik mayda fermerlar yerlarini tashlab ketdi, ayrimlar bizga “Yerimni ol” deb keldi. Biz yo‘q demadik, yerdan yuz burmadik, qonuniy tarzda ekin maydonlarimizni kengaytirdik. Zotan, yiqilgan odam o‘rnidan turishni bilishi kerak, degan qat’iy fikrda edik. Ezgu niyatning yarim davlatligini qarangki, keyingi yili kutilganidan ikki-uch hissa ziyod hosil to‘plaganimizdan oyoqqa turib oldik. Sirojiddin Qarshiyevning mulohazalarini tinglar ekansiz, uni tadbirkor emas, hikoyanavis-ijodkor sifatida tasavvur qilasiz. Voqealarni qog‘ozdan o‘qiyotgandek bir maromda so‘zlaydi. Shuning uchunmi, uning fikrlarini bo‘lgimiz kelmasdi.

– Bu gaplarim kimgadir g‘alati yoki balandparvoz tuyular, lekin shunday bo‘lsa-da, ko‘nglimdagilarni aytgim kelyapti, – deydi qahramonimiz chuqur nafas olib. – Biz oilamiz bilan katta daromad olib, boyib ketishni ko‘zlamadik. Aksincha, qishloq sharoitida elga nafimiz tegishini, odamlar yanada yaxshiroq yashashiga hissamizni qo‘shishni o‘yladik. Hozir mulkdor ixtiyorida ming gektarga yaqin lalmi maydon bo‘lib, 400 getari yaylov, bo‘lib, 500 gektardan ortiqroq yerda esa urug‘lik uchun sara g‘alla yetishtiryapti. Bir tomonda ikki ming boshdan ziyod qo‘ydan iborat chorvachilik, yirik shoxli mollardan tortib, tuyalargacha boqilayotgan katta xo‘jalikni

ukalari uddalab kelyapti. Mashaqqatli mehnat ortidan tishtirilayotgan sifatli go‘sht mahsulotlari esa xalqimiz dasturxoni to‘kin bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

– Prezidentimizning cho‘llarda yashilmaydon hosil qilish kerakligi haqidagi takliflari yangi rejalarimizga qanot bo‘ldi, – deydi tadbirkor suhbatimiz davomida. – Shu boisdan joriy yil Turkiyaning “AFKO” firmasidan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini olib keldik. Yaqinda undan foydalanib, maydonimizning bir qismini sug‘organ edik, ishonsangiz, o‘sha joylar yigirma besh santimetr chuqurlikkacha nam oldi. Bu juda quvonarli natija. Endi cho‘l bag‘rida ham bemalol ko‘k beda ekib, chorvani boqa olamiz. Bilasizmi, 50 gektar maydonga beda ekib, yiliga 5 marta o‘rib-yig‘sak, chorva mollarimizga to‘liq ozuqa bo‘ladi. Bu esa har yilgidan 1,5 tonna ko‘proq go‘sht yetishtirish mumkin degani-da. Hozirda mazkur texnologiyadan yana bitta sotib olish harakatidamiz. Bu nafaqat cho‘lni yashillikka burkaydi, balki go‘sht miqdori va sifatining keskin oshishiga, ikkinchi ekin ekishga ham imkon yaratadi. Darhaqiqat, nurobodlik tadbirkorning bugungi kunda erishgan yutuqlari katta shaharlarda yashayotgan odamlar ham havas qilsa arziydigan darajaga yetgan. Bir tomonda fermerlik, chorvachilik, yilqichilik, qo‘yingki, barida yaxshi. Shu bilan birgalikda, Nurobod tumanida joylashgan “Nurli Zamin” MCHJ sanatoriysi ham bir necha yillardan beri aholini sog‘lomlashtirishda beminnat xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Tibbiyotdan xabardor tadbirkor bu borada ham zamonaviy texnologiyalar xarid qilish, mutaxassislarni jalb qilishda qiynalmadi. Turli g‘oyalarni o‘ylab yurishga va ularni amalga oshirishga odatlangani bu maskanning ayrim xonalarida g‘aroyib, ya’ni o‘rmon tabiati manzarasini yaratishga turtki bo‘ldi. E’tiborlisi, zamonaviy talablarga to‘la javob beradigan bu sanatoriyga barcha viloyatlar va qo‘shni Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, hatto Turkiyadan ham mijozlar kelishmoqda.

– Xorijga safar qilsam, darrov ona qishlog‘imni, uning bepoyon dalalarini sog‘inaman, – deydi Sirojiddin Qarshiyev.

– Chetda ko‘rganlarimni o‘zimizda qurishga intilaman. Texnikalarimiz bo‘lsa bor. Barcha sharoitlarga ega ikki-uch qavatli uylar qursak, bizning ham odamlarimiz rohatlanib yashardi. Yaqinda hamqishloqlarimga shu niyatimni aytgandim, qariyalar “Qur, bolam, qur!” deyishdi. Ko‘p qavatli uylarning yonidan bolalar bog‘chalari, choyxonalar qurilsa, qarabsizki, qishlog‘imiz dasht bag‘ridagi so‘lim shaharchaga aylanadi. Dono xalqimizning “Qovun qovundan rang oladi” qabilidagi maqollari bejiz emas. Odamlar yashash sirini anglayotgandek, nazarimda. Yaxshi yashashga intilyapti va albatta, buning ortida mehnat borligini bilishyapti. Aytgancha, joriy yilda Prezidentimiz farmoniga ko‘ra “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar orasida Nur obod tumanidan Sirojiddin Qarshiyev ham bor edi. U bilan suhbatimiz davomida xalq uchun qilayotgan ancha-muncha savob amallariga o‘sha joyning o‘zida guvoh bo‘ldik. Qishloqdagi maktab o‘quvchilariga kitoblar sovg‘a qilayotgani bormi, qurilayotgan masjidga bosh-qosh bo‘layotgani bormi, kontraktda o‘qiyotganlarga imkon qadar ko‘makchi bo‘layotgani bormi – hammasini jamlab, “Kiroyi elparvar shunday bo‘lsa”, degimiz keldi...

 

Muhabbat RAVSHANOVA,

“XXI asr” muxbiri

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM