Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga davlat tashrifi doirasida oʻtkazilgan muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi boʻlib oʻtdi.Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Sadir Japarov ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi – keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiquvchi Deklaratsiyaga imzo chekdilar.Davlat rahbarlari huzurida davlatlararo, hukumatlararo, idoralararo va hududlararo hujjatlar almashildi. Jami 25 ta hujjat imzolangan, shu jumladan:
- Oʻzbekiston-Qirgʻiziston Davlat chegarasining alohida uchastkalari toʻgʻrisidagi shartnomaning ratifikatsiya yorliqlarini almashish toʻgʻrisida bayonnoma;
- Qirgʻiz Respublikasida avtomobil va tijorat texnikasini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Strategik savdo-iqtisodiy sheriklik toʻgʻrisida 2023-2025-yillarga moʻljallangan dastur;
- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim;
- Fuqarolarning oʻzaro borib-kelishlari toʻgʻrisidagi bitimga Bayonnoma;
- Chegaraoldi viloyatlar rahbarlari kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi memorandumga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Bayonnoma.Vazirlik va idoralar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi, energetika, bojxona, sanoatning ustuvor yoʻnalishlarini rivojlantirish, innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlar, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar, shuningdek, Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini nishonlash rejasi imzolandi.
Shuningdek, Jizzax va Issiq-koʻl, Andijon va Oʻsh, Fargʻona va Botken, Namangan va Jalol-obod viloyatlari oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish boʻyicha 2023-2025-yillarga moʻljallangan kompleks dasturlar imzolandi.