TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdan tashqari yigʻilishi toʻgʻrisida

2022-yilning 17-oktyabr kuni Istanbul shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) tashqi ishlar vazirlarining navbatdan tashqari yigʻilishida ishtirok etdi.Tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston TIV rahbarlari, shuningdek, TDT bosh kotibi va oqsoqollar kengashi raisi ishtirok etdi.Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda mintaqaviy va xalqaro kun tartibi hamda Tashkilot doirasidagi oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi. 2022-yil 11-noyabr kuni Samarqand shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan TDT sammitida imzolash uchun taqdim etiladigan hujjatlar loyihalari koʻrib chiqildi.Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari jahonda roʻy berayotgan voqealarning jadalligi va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlar TDTni zamonaviy voqelikka doimiy moslashtirish zarurligini taqozo etishini taʼkidladi.Tashkilot doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, transport, sanoat va texnologik kooperatsiya, innovatsiyalar, AKT, ilm-fan, texnologiya va madaniy-gumanitar boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish muhimligi taʼkidlandi.Kuchayib borayotgan xatar va tahdidlarni yengish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish maqsadida strategik masalalar boʻyicha tizimli muloqotni yoʻlga qoʻyish zarurligiga eʼtibor qaratildi.Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri tomonidan TDTning Samarqand sammitiga tayyorgarlik jarayoni haqida maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, boʻlajak tadbir ushbu tuzilmaning 2021-yilda Turkiy kengashdan Turkiy davlatlar tashkilotiga oʻzgartirilgandan keyin boʻlib oʻtadigan birinchi sammit hisoblanadi.Yigʻilish yakunlari boʻyicha TDTga aʼzo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining navbatdagi yigʻilishini 2022-yil 10-noyabr kuni Samarqand shahrida oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM