Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan oqilona foydalanish va sarflanadigan suv resurslarining yo‘qotishlarni kamaytirish boʻyicha klasterlar,fermer va dehqon xo‘jaliklari,tomorqa yer egalariga murojaati

Qadrli samarqandliklar, aziz yurtdoshlar!

Bugungi global iqlim o‘zgarishlari sharoitida suv resurslari yil sayin kamayib, suvga bo‘lgan talab esa tobora oshib, dunyoda cho‘llanish darajasi ortib borayotganligi hech birimizga yangilik emas. 

Ushbu jarayonlar natijasida, olimlarning tahlillariga ko‘ra, dunyoda har bir soniyada 23 gektar, Respublikamizda esa 9 m2 maydonda cho‘llanish jarayoni kuzatilmoqda.

Masalaning bugungi kun va kelajagimiz uchun g‘oyat muhimligi sababli Davlatimiz Rahbari tomonidan joriy yilning 20 va 29-noyabr kunlari o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishlarida suv tanqisligining salbiy ta’sirini yumshatish, qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirishda suv resurslaridan samarali foydalanish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.

Ushbu vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bizning viloyatimiz uchun ham juda muhim sanaladi. Chunki viloyatimizning suvga bo‘lgan ehtiyojning 98 foizini qondiradigan Zarafshon daryosi suvi keyingi yillarda o‘rtacha ko‘p yillik me’yordan 18-22 foizga kamaydi. Bu suvdan foydalanadigan aholi soni esa yil sayin oshib, suv tanqisligi tobora kuchli sezilmoqda. 

Tahlillarga ko‘ra, Zarafshon daryosi suvi shakllanadigan qo‘shni davlatdagi Fedchenko muzligining hajmi oxirli 50 yilda 30 foizga qisqargan va bu jarayon tobora tezlashib bormoqda. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida suv tanqisligi 900 mln.m3 ni tashkil qiladi. Bundan 5-6 yil oldin ushbu ko‘rsatkich 650-700 mln.m3 edi. Suv tanqisligi 2030-yilga borib 1,1 mlrd. m3 ga yetishi mumkinligi bashorat qilinmoqda.

Bu raqamlar har birimizni chuqur mulohaza qilishga, suvning qadrini anglashga va uni tejashga da’vat etadi. 

Shundan kelib chiqib, suvni tejash bo‘yicha safarbarlik e’lon qilib, 
2024-yil 15-martga qadar 2543 km. kanal va ariqlarni (shundan, magistral kanallar 93 km, ichki kanallar 150 km, ichki ariqlar 2300 km) betonlashtirishimiz zarur. 54,8 ming gektar maydonda suv tejamkor texnologiyalarni joriy qilish lozim. 

Viloyatdagi 1126 mahallaning har birida kamida 1 kilometrdan ariqlarni betonlashtirish talab etiladi. 

Har bir fermer, har bir fuqaro o‘z uyi va mahallasidagi ariqlarni tozalab qo‘yishi, suvning ortiqcha sarflanishi oldini olishi lozim. 

Hurmatli samarqandliklar!

Bugundan boshlab, “Suv tekin emas” degan g‘oyani ilgari surib, suvni tejash bo‘yicha harakat va choralarni har birimiz avvalo o‘z turmush tarzimiz misolida boshlashimiz darkor. Suvdan foydalanishda eskicha yondashuvlardan butunlay voz kechib, bu ne’matning qadr-qimmatini aholi ongiga, ayniqsa, yoshlarga chuqur singdirishimiz, suvning har bir tomchisini asrashimiz bosh maqsadimiz bo‘lishi shart va zarur.

Aziz yurtdoshlar!

Yer va suv resurslarimiz ko‘paymaydi, ularning miqdori chegaralangan. Shu sababli har birimiz uni asrab-avaylashimiz, kelajak avlodga ham yetkazish o‘zini samarqanlikman degan har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim.

Ishonamanki, biz samarqandliklar hurmatli Prezidentimiz tomonidan oldimizga qo‘yilgan topshiriq va vazifalarni birgalikda sidqidildan bajaramiz. Aziz ne’matni asrab-avaylashga, uni qadrlashga munosib hissa qo‘shamiz. 

E’tiborlaringiz uchun rahmat!!!

2015-2024 © Nurobod tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM