54 yoshda pensiyaga chiqish mumkinmi?

Amaldagi qonunga asosan kamida yigirma yillik ish staji bo‘lgan ayollar ellik to‘rt yoshga to‘lganda pensiya olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Mehnat daftarchasidagi yozuvlar bo‘yicha fuqaro ish haqi saqlanmagan holda ta’tilda bo‘lgan vaqti, mehnatga layoqatsizlik ta’tilida bo‘lgan vaqti, tug‘ruqqacha va tug‘ruqdan keyin ta’tilda bo‘lgan vaqti va bola parvarishlash ta’tilida bo‘lgan vaqtlari aks ettirilmaydi. 

Ushbu davrlar ayollarga 54 yoshdan pensiyaga chiqish huquqini beruvchi 20 yillik ish staji tarkibiga kiritilmaydi.

Agar ayol yigirma yillik ish stajiga ega bo‘lmasa, unga 54 yoshdan imtiyozli shartlarda yoshga doir pensiya tayinlanmaydi va u pensiya tayinlashni so‘rab 55 yoshda murojaat etishi mumkin.

Misol uchun, ayol kishi 54 yoshga to‘lib, umumiy ish staji 21 yilni tashkil etdi va fuqaro pensiya tayinlash uchun pensiya jamg‘armasi bo‘limiga murojaat qildi. 

Ayolning 21 yillik ish staji tarkibiga:
* 4 yil oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri;
* 2 yil bola parvarishlash davri to‘g‘ri kelmoqda.
Ammo ushbu 6 yillik davr 20 yillik ish staji talab qilingan davr tarkibiga kirmaydi va fuqaroning umumiy ish staji (21 yil – 6 yil = 15 yil) imtiyozli pensiya tayinlash uchun asos bo‘lmaydi.

Biroq ayol kishi 55 yoshga yetib, pensiya ta­yinlash uchun murojaat qilganda, fuqaro ish staji tarkibiga (4 yil) oliy o‘quv yurtida tahsil olgan davri va (2 yil) bola parvarishlash davr­lari kiritiladi va unga jami 21 yil ish staji bilan pensiya tayinlanadi.

A.Usmanov,
Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi tuman bo‘limi boshlig‘i

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM