Oʻzbekiston Prezidenti mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni Sian shahrida “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammitida ishtirok etdi.Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Si Szinpin raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga oid hamda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqida sammit asrlar davomida butun Yevroosiyoning sivilizatsiyasida, oʻzaro bogʻliqligi va taraqqiyotida muhim omil boʻlgan Buyuk Ipak yoʻlining boshlanish nuqtasi boʻlib xizmat qilgan koʻhna Sian shahrida oʻtayotgani ramziy maʼnoga egaligini taʼkidladi.Ushbu uchrashuv murakkab xalqaro vaziyat sharoitida alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.Pandemiya sinovlarini yengib oʻtgan mamlakatlarimiz global miqyosda ishonch inqirozining salbiy oqibatlariga duch keldi.Markaziy Osiyo uchun muhim boʻlgan odatdagi transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi uchun tahdidlar, inflyatsiya importi oʻsib borayotgani ortidan ijtimoiy keskinlik xatarlari va boshqa muammolar bizdan yanada yaqin muvofiqlashuv va amaliy hamkorlikni talab qilmoqda, - dedi davlatimiz rahbari.Bugun Markaziy Osiyo muloqot va keng koʻlamli hamkorlik uchun ochiq, hamjihat va kuchli mintaqa ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.Saʼy-harakatlarni yanada muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston Prezidenti savdo, investitsiya, transport va gumanitar sohalardagi mintaqaviy sheriklikni uzoq muddatli kun tartibi, istiqbolli reja va vazifalar asosida rivojlantirish boʻyicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.Strategik yondashuvlar, kompleks tavsiya va yechimlarni, mintaqaviy va global miqyosda tub oʻzgarish yasaydigan loyihalarni ishlab chiqish maqsadida olti mamlakatning yetakchi “aql” markazlari oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi. Buni muhokama qilish uchun maydon sifatida kelgusi yilda Samarqandda Milliy rivojlanish strategiyalarini oʻzaro bogʻlash masalalari boʻyicha xalqaro ekspertlar konferensiyasini oʻtkazish taklif qilindi.Prezidentimiz mintaqa mamlakatlarining barqaror rivoji uchun zarur sharoitlarni shakllantirish, bunda asosiy eʼtiborni kambagʻallikka qarshi samarali kurashishga qaratish masalalariga alohida toʻxtaldi.Hududlarda, eng avvalo qishloq joylarda turmush darajasini oshirish va ularni rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalardan iborat qoʻshma dasturni qabul qilsak va amalga oshirsak, bu xalqlarimiz tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi va 2030-yilga qadar kun tartibi maqsadlariga erishishga umumiy hissamiz boʻlishiga ishonaman, - dedi Oʻzbekiston yetakchisi.Davlatimiz rahbari Yangi iqtisodiy muloqotni shakllantirish va oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, 2030-yilga borib mintaqa mamlakatlarining Xitoy bilan tovar ayirboshlash hajmini ikki baravar oshirish tashabbusini ilgari surdi.Ushbu vazifani sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro yetkazib berishni mutanosib oshirib borish, samarali savdo-logistika infratuzilmasi va zamonaviy ulgurji-taqsimot tarmoqlari, “yashil” va ekspress yoʻlaklar, elektron tijorat uchun umumiy platformalarni yoʻlga qoʻyish orqali roʻyobga chiqarish taklif qilindi.Qulay sharoitlar va zarur huquqiy asoslarni shakllantirish uchun Oʻzaro savdoga koʻmaklashish va investitsiyalarni ragʻbatlantirish toʻgʻrisida koʻp tomonlama bitimni qabul qilish imkoniyatini koʻrib chiqish taklifi bildirildi.Prezidentimiz ishtirokchilar eʼtiborini sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, raqamli texnologiyalarni jalb qilish va innovatsiyalarni joriy etish masalalari Xitoy muzofotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hududlararo aloqalar orqali samarali hal etilishi mumkinligiga qaratdi.Shunday amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, birodarlik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlash maqsadida joriy yilda Oʻzbekistonda olti mamlakat shahar va hududlarining forumi va koʻrgazmasini oʻtkazish taklif qilindi.Xitoyni mintaqamiz bilan bogʻlaydigan, Yevropa, Yaqin Sharq va Afrikaga olib chiqadigan xavfsiz va eng qisqa transport yoʻlaklarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Buyuk Ipak yoʻlini qayta tiklashda Trans-Yevroosiyo magistrali loyihasi ustuvor ahamiyatga ega boʻlib, “Xitoy – Qirgʻiziston - Oʻzbekiston” avtomobil va temir yoʻllari esa uning muhim tarkibiy qismi boʻladi, - dedi Prezident.Transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturlarni oʻzaro bogʻlash va shu asosda uzoq muddatli yagona strategiyani ishlab chiqish birinchi galdagi vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.Iqlim kun tartibi va “yashil” energetika masalalari boʻyicha hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.Afsuski, Markaziy Osiyoda energetik infratuzilmaning rivojlanish surʼatlari sanoatlashuv va urbanizatsiya shiddatidan, demografik oʻsishdan ortda qolmoqda. Bugun bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli barqaror taraqqiyoti uchun juda jiddiy xavf tugʻdiradi, - dedi Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev.Xitoy quyosh, shamol va suv energetikasida texnologik jihatdan yetakchi ekanini hamda mavjud moliyaviy vositalarni hisobga olib, muqobil energetika sohasida yanada yaqin ilmiy-amaliy sheriklikni yoʻlga qoʻyish taklifi ilgari surildi.Bundan tashqari, Orolboʻyining ekologik muammolarini hal etish, bioxilma-xillikni himoya qilish, muzliklar va tuproqni asrash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda samarali hamkorlik muhimligi aytib oʻtildi. Oʻzbekiston Prezidenti Xitoyning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomidagi xavfsizlik boʻlinmasligi va tinch taraqqiyot prinsiplariga asoslangan global tashabbusini qoʻllab-quvvatlab, barqarorlik va xavfsizlik masalalari boʻyicha mintaqamizdagi muloqot darajasini yuqori baholadi.Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi Muloqot guruhi va Afgʻonistonga qoʻshni mamlakatlarning muloqotidan oʻzaro kelishilgan pozitsiyani ishlab chiqish va ushbu mamlakatda gumanitar halokatga yoʻl qoʻymaslik choralari koʻrish uchun toʻliq foydalanish muhim, deb hisoblaymiz, - dedi Oʻzbekiston yetakchisi.Gumnaitar almashinuvlar, koʻrgazmalar, konsert va ijodiy safarlar, qoʻshma sport tadbirlarini muntazam oʻtkazishni davom ettirish, ularga yoshlarni keng jalb qilish muhimligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan kelgusi yilda Yosh isteʼdodlar forumini birgalikda oʻtkazish taklif qilindi.Davlatimiz rahbari nutqini yakunlar ekan, mamlakatlarimiz strategik sherik va ishonchli doʻstlar ekanini qayd etdi.Xalqaro munosabatlarda ziddiyatlar va noaniqliklar kuchayib borayotgan bugungi sharoitda biz bir-birimizni qoʻllab-quvvatlayapmiz va xalqlarimiz uchun farovon kelajak barpo etayapmiz, - dedi Prezident.Shu maʼnoda Xitoy tomonining Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy  oʻrtasidagi doʻstlik va sheriklikni mustahkamlash uchun bunday uchrashuvlarni muntazam oʻtkazib borish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.Bugungi sammitning samarali natijalari yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikning mustahkamlanishiga, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz ravnaqiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.Yigʻilish yakunida davlat rahbarlari “Markaziy Osiyo – Xitoy” sammitining Sian deklaratsiyasini imzoladilar va qoʻshma matbuot anjumanini oʻtkazdilar.Sammit tadbirlari yakunlangach, yetakchilar tomonidan mamlakatlarimizning doʻstligi, yaxshi qoʻshnichiligi, taraqqiyot va ravnaq sari mushtarak intilishlari ramzi sifatida birgalikda daraxt ekish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM