Kuzgi shudgorlash va oʻgʻitlarni qoʻllashning afzalligi nimada?

Tuproq unumdorligini saqlash va oshirishda kuzgi shudgor muhim ahamiyatga ega. Kuzgi shudgor tuproqdagi organik qoldiqlarni oʻsimlik ildiz zonasidan chirib, gumus va zarur oziq-moddalarga aylantirishga imkon beradi.

Shu bilan birga, begona oʻtlar urugʻi, yer yuzasida toʻplanib kelgan zararkunanda tuxum va lichinkalari hamda kasallik qoʻzgʻatuvchi mikroorganizmlarni pastki chuqur qatlamiga tushib, nobud boʻlishi yoki faolsizlanishiga sabab boʻladi. Kuzgi shudgor tuproq zichligi va qattiqligini yoʻqotib, uni yumshoq holatga keltirib, kuz, qish hamda bahorgi yogʻingarchilik suvlarini tuproqqa yaxshi singishi, ularni daladan oqib chiqib ketmasligini taʼminlaydi. Bu esa, tuproqni suv zaxirasiga boyitadi va oʻsuv davrida sugʻorishga boʻlgan ehtiyojni kamaytiradi.

Kuzda asosiy ozuqa sifatida organik, fosforli hamda kaliyli oʻgʻitlar qoʻllaniladi. Ushbu oʻgʻitlarning samarasi kuzgi shudgor bilan qoʻllanilganda eng yuqori boʻladi.

Masalan, organik oʻgʻitlar kuzgi shudgor yordamida tuproqqa haydab tashlanganda tuproqni 30-35 sm. qalinlikgacha organik modda bilan boyitib, pastki tuproq qatlami unumdorligi oshiriladi. Bunda tuproqning chuqur qatlamigacha bir meʼyorda gumus hosil boʻlishi hamda oziq-moddalarga boyishi kuzatiladi. Goʻng tarkibida oʻsimlik uchun zarur boʻlgan barcha makro va mikro elementlar mavjud. Bu mikroelementlar defitsit boʻlgan bir paytda muhim ahamiyatga ega.

Olimlarning tadqiqotlari koʻrsatishicha, fosforli oʻgʻitlar tuproqqa tushgan joyidan 0,5-1 sm.dan katta masofalarga siljimaydi. Bu fosforli oʻgʻitlar va oʻsimlik ildizlarini kontaktda boʻlishini taʼminlashdan dalolat beradi. Yaʼni fosforli oʻgʻitlar ildiz soʻruvchi qismda yoki undan biroz pastroqda joylashishi kerak.

Dala ekinlari gullash hamda meva hosil qilish davrlarida fosforni maksimal darajada oʻzlashtiradi. Bu vaqtda esa ildiz ancha chuqur kirib borganda fosforli oʻgʻitlarni qoʻllab boʻlmaydi. Bu masalani faqat kuzgi shudgor bilan fosforli oʻgʻitlarni qoʻllab yechimni topadi.

Xuddi shunday holatni mevali daraxt hamda uzumzorlarda ham kuzatish mumkin. Ularda kuzgi shudgorni 50-60 sm.ga oʻtkazish maqsadga muvofiq. Fosfor saqlovchi oʻgʻitlarni yer yuzasiga sepib qoʻyish umuman mumkin emas. Ular tuproqqa kerakli chuqurlikda boʻlishi lozim. Bunda fosforli oʻgʻitlarni organik minerallar bilan qoʻllash samaradorlikni sezilarli darajada oshiradi. Fosfor saqlovchi oʻgʻitlar ishqoriy muhitga ega boʻlgan karbonatli tuproqlarga tushganda kimyoviy reaksiyalar natijasida oʻsimlik oʻzlashtira olmaydigan shaklga, yaʼni birikmalarga aylanib ketadi hamda ulardagi oziq moddalarining oʻsimlik tomonidan oʻzlashtirilishi 15-20 foizini tashkil etadi. Bu oʻta salbiy jarayondir.

 

Buni kamaytirishning yoʻli fosfor saqlovchi oʻgʻitlarni organik moddalar bilan, xususan, yarim chirigan goʻng bilan qoʻllashdir. Shu bilan birga, faqat kuzgi shudgor bilan qoʻllanilgan organik oʻgʻitlar gumus miqdorini sezilarli oshiradi. Biz bunga katta eʼtibor berishimiz kerak.

Gumus bu tuproq unumdorligini va xossalarini belgilab beruvchi asosiy modda hisoblanadi. Lekin hozirgi paytda butun dunyo, jumladan, Oʻzbekistonda ham tuproqlarda gumus miqdorini muntazam kamayib borishi kuzatilmoqda. Bu asosan kuzgi shudgorni organik oʻgʻitlarsiz amalga oshirilishi bilan bogʻliq. Bu borada gʻoza hamda kuzgi bugʻdoydan keyin, shudgorlashdan oldin gʻoʻzapoya va somoni maydalab izidan chuqur shudgorlansa, yuqori natija beradi.

Organik oʻgʻitlar yetishmayotgan bir paytda oʻsimlik qoldiqlarini dalaning oʻzida qoldirib shudgor qilish muammoni hal qilishda muhim rol oʻynaydi. Toʻgʻri, bunda oʻta kasallangan dalalarda kasallanishning oldini olish maqsadida bu tadbir tavsiya etilmaydi.

Kuzgi shudgor bilan organik oʻgʻitlarni qoʻllash, tuproqni organik moddaga boyitish, yerda suvni ushlab turish qobiliyatini, yaʼni dala namgarchiligini oshiradi. Bu esa yogʻingarchilik suvlaridan samarali foydalanish hamda ularni isrof boʻlmaslikka olib keladi.

Kaliyli oʻgʻitlarning katta qismi ham kuzgi shudgor bilan birga qoʻllaniladi. Bu esa oʻsimliklarni gullash va meva tugish davrida kaliy bilan oziqlanishini sezilarli ravishda optimallashtiradi

 

2015-2024 © Нуробод туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM