BAYRAM TABRIGI

Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Nurobod tumani hokimi Sirojiddin Valiqulovich Berdiqulovning

BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, aziz mehmonlar!

Qadrli Nurobodliklar!

Tarovatli kunlarda tabiat uyg‘onib, jonajon diyorimizga barchamiz orziqib, sog‘inib kutgan Navro‘zi olam kirib kelmoqda.

Ming yillar davomida ma’naviy hayotimizning ko‘rku ziynati bo‘lib kelayotgan bu ajoyib, xosiyatli bayram bugun qalblarimizga yana cheksiz quvonch va zavq bag‘ishlamoqda.

Tumanimizning jonkuyar, fidoyi, mehnatsevar hamda mehribon xalqini sharq milliy bayrami Navro‘z ayyomi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Mana shunday fayzli, shodiyona ayyomda mahalla va qishloqlardagi barcha-barcha tumandoshlarga yuksak hurmatim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hayotingiz bahor tongidek tiniq, baxtli va farovon bo‘lsin!

Sharqona Yangi yilimiz — Navro‘zi olamning qadami qutlug‘ va barakali kelsin! Mana shu qutlug‘ kunda siz azizlarga sihat-salomatlik, baxt, omad, oilalaringizga tinchlik-totuvlik, fayz va baraka tilayman.

Qadrli do‘stlar!

Barchamizga ma’lumki, Navro‘z — yangi kun, yangi fasl demakdir. Bugun ona tabiat bag‘rida yangilanish va yasharish fasli boshlanmoqda.

Ayni shu betakror va dilbar faslda barchamiz o‘zimizni yasharib ketgandek, vujudimizga yangi kuch-g‘ayrat, azmu shijoat kirgandek his etamiz.

Necha yuz yillik an’ana va qadriyatlarimizni yangitdan kashf etamiz, qanday buyuk tarix, qanday buyuk madaniyat vorislari ekanimizni yana bir bor anglaymiz. Va bundan qalblarimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi.

Jonajon O‘zbekistonimiz ham bugun o‘z milliy taraqqiyotining yangi davriga qadam qo‘ymoqda.

Bu haqda gap ketganda, mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko‘tarish maqsadida Muhtaram Yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan 2023 yil yurtimizda – “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili deb e’lon qilindi.

Biz 2023 yil nomida belgilangan sohalarni ustuvor darajada rivojlantirish va isloh etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishimiz lozim.

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Navro‘z — yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi hisoblanadi.

Bobodehqonlarimiz yangi yilning yog‘in-sochinga mo‘l, serhosil, qut-barakali kelishini, to‘kin-sochin bo‘lishini so‘rab duoga qo‘l ochishgan.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning xilma-xilligini ko‘paytirish orqali xalqimiz dasturxonini to‘ldirish asosiy vazifamiz hisoblanadi. Shu maqsadda joriy yilda mavjud imkoniyatlarimizdan unumli foydalanmoqdamiz.

Ayni paytda mirishkor dehqonlarimiz 2 ming 10 gektar suvli hamda 19 ming gektar lalmi yerga ekilgan g‘alla maydonlarida unib chiqqan maysalarni mehr bilan parvarishlamoqdalar.

Maqsadimiz — ekilgan g‘alladan mo‘l hosil yig‘ib olish sari tinimsiz mehnat qilishimiz va xalqimiz xonadonini donga to‘ldirishimiz zarur.

Bugungi kunda sanoat va dehqonchilikning barcha bo‘g‘inlarida klasterlarni joriy etish orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash muhim vazifa bo‘lib turibdi.

Hurmatli jonkuyar dehqon va fermerlar!

Bugun barchangiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdasiz. Barchamizning tilagimiz bitta: yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, mehnatingizdan baraka toping!

Zero, bugun Siz, oliyjanob va oqko‘ngil tumanimiz ahlining dasturxonini to‘kis va but qilishdek o‘ta mas’uliyatli vazifani uddalashingizga ishonchimiz komil.

Muhtaram tumandoshlar!

Tumanimizda bugun "Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!" degan ezgu tilaklar yangramoqda.

Haqiqatan ham, Navro‘z o‘zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg‘otmoqda. Islohotlar esa jamiyatni, oliyjanob xalqimizning ongu tafakkuri, beqiyos salohiyatini namoyon etmoqda. 

Hozirgi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o‘zgarishlar ayni shu ulug‘ maqsadga — har kunimiz Navro‘z bo‘lishiga, ya’ni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon bo‘lishiga qaratilgan.

Hammamiz uchun suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman!

Navro‘z har bir xonadonga, butun tumanimiz ahliga tinchlik-xotirjamlik, baxtu-saodat, qut-baraka olib kelsin!

Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin! Ona Vatanimiz farovon bo‘lib, Jonajon yurtimiz obod bo‘lsin!

 

Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

2015-2024 © Nurobod tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM